O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Jizzax viloyatiga safari jarayonida Jizzax shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi, deb xabar qildi O‘zA.

Temiryo‘lchilar va Toshkent ko‘chalarining me’moriy yechimi bo‘yicha loyiha shaharda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyihaga muvofiq mazkur ko‘chalarni tutashtiruvchi 900 metrli, to‘rt polosali yana bir yo‘l quriladi. Yangi ko‘chaning ikki tomonida 5−7 qavatli zamonaviy uy-joylar bunyod etiladi. Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida ham 7 qavatli turar joylar quriladi. O‘zbekiston ko‘chasi kengaytiriladi.

Jizzax viloyati tumanlari markazlarida bunyod etiladigan 4 qavatli arzon uy-joylar loyihasi ham taqdim etildi.

Davlat rahbari bu ko‘cha va yangi uylar shahar qiyofasini o‘zgartirish, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari ham namoyish etildi. Sharof Rashidov xiyoboni uning haykali o‘rnatilib, atrofida bog‘ yaratiladi. Ushbu xiyobon shu yil noyabr oyida ochiladi.

Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonini barpo etish, mazmun-mohiyatini boyitish, ularning maktablarini tashkil etish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.

Xuddi shu kuni avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tumani (Sobiq Jizzax tuman) «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. Bu yerda u «Uchtepa» massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Har biri 16 xonadonli 2 ta ikki qavatli va 10 xonadonga mo‘ljallangan 2, 3 xonali, 2 sotix tomorqa va yordamchi inshootlarga ega bitta bir qavatli uyda 42 ta oilaning zamonaviy sharoitlarda yashashi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Joriy yilda viloyatda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha 18 massivda 866 uy-joy qurilishi mo‘ljallangan. «Uchtepa» massivida 6 ta 2 qavatli 16 xonadonli arzon uy-joylar qurilishi olib borilmoqda. Mazkur uylar 1 sentyabrgacha foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.