O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni, general Jozef Leonard Votelni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli va serqirra hamkorlik, jumladan, harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat va ushbu mamlakatda tinchlikka erishish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Jozef Votel O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston — Amerika munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettirishga tayyor ekanini qayd etdi.