O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘luni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari 2016 yilning 17−18 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo va farmatsevtika sohalari, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi doirasida yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Mevlut Chavusho‘g‘lu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi. Davlat rahbariga Turkiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Turkiya rahbariyati nomidan tashakkur bildirdi va keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Yaqinda Turkiyaga bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari borgan edi. Tashrif jarayonida biznes-forum ham bo‘lib o‘tdi.

24−26 may kunlari O‘zbekistonda ikki tomonlama iqtisodiy kengash yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Turkiya iqtisodiyot vaziri ham ishtirok etadi. May oyi oxirida Toshkentga Turkiya madaniyat va turizm ishlari vaziri madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun tashrif buyuradi.