O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni «2017—2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjat ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan tegishli ravishda foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish maqsadida qabul qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 4000 dan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan 32,4 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uyga xizmat ko‘rsatilmokda.

Shu bilan birga, ushbu tarmoqda olib borilayotgan ishlar tahlili xususiy uy-joy mulkdorlarining ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash borasidagi faoliyatida hal etilmagan qator muammolar borligini ko‘rsatmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasida kompleks yondashuv hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmi shakllanmaganini qayd etish zarur, deyiladi qarorga berilgan rasmiy sharhda.

Ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash borasida ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan, ko‘p hollarda undan texnik foydalanish va aholining xavfsiz yashashini ta’minlash borasidagi me’yor va talablar buzilishiga yo‘l qo‘yilmokda. Ko‘p xonadonli uylarda ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘tkazishning qoida va muddatlariga rioya etilmayapti, bu esa, tabiiyki, aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Qarorda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutadi:

  • aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ko‘p xonadonli uylarda joylashgan xonadonlardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimi va umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarni o‘z vaqtida va sifatli ta’mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, u yerlarda bolalar va sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta’sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • uy-joy kommunal soha tashkilotlari, xususan, ta’mirlash-tiklash xizmatlarining moddiy-texnik bazasini yaratish va mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash.

Qarorga muvofiq, 2017−2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi tasdiqlandi. Ushbu Dasturda ko‘p xonadonli uy-joy fondining umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarini kapital va joriy ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash tizimini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, Qoraqalpog‘istonning respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablag‘lari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur Dasturni amalga oshirishda «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat banki uy-joy kommunal sohasiga qarashli tashkilotlarni moliyalashtirishni ta’minlaydigan vakolatli bank etib belgilandi.

Dasturni amalga oshirish doirasida tijorat banklariga «Ta’mirlash-tiklash xizmati» davlat unitar korxonasi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Shuningdek, mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlarini ko‘rsatadigan «Yagona hisob-kitob markazi» va shahar hamda tumanlarda uning filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qaror bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra:

  • ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulki va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar joy va noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari miqdori O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi har yili tasdiqlaydigan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan hajmda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan belgilanadi;
  • xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi «Kommunalo‘quv» o‘quv-uslubiy markazi" davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi.