O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20-apreldagi qarori bilan 2017−2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi tasdiqlandi.

Hujjatda ko‘rsatilgan muddatda 10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudug‘i, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini o‘rnatish nazarda tutilgan.

20 ta ichimlik suvi ta’minoti ob’ektini qurish va rekonstruksiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv o‘tkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan mintaqalararo ahamiyatga molik ichimlik suvi ta’minoti tizimlari va o‘ta muhim ob’ektlarni barpo etish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli dasturni amalga oshirish belgilangan.

Xalqaro moliya institutlarining kreditlarini jalb etgan holda, respublikamiz hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadigan Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi tasdiqlanmoqda.

Dasturni moliyalashtirish uchun 4,8 trillion so‘m, jumladan, davlat byudjetidan 2,2 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion so‘m yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, uning mablag‘lari mamlakatda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublika aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, qarorda ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlaridan yanada ishonchli foydalanish maqsadida har bir aholi punktidagi ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlarini pasportlashtirish va ichimlik suvi ta’minoti tizimi ob’ektlarining elektron ma’lumotlar bazasini yaratish nazarda tutilgan.

Ushbu qarorning amalga oshirilishi aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olishni respublikamiz miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkazishga imkon beradi.