Osiyo taraqqiyot banki Pop, Namangan va Andijon shaharlarini bog‘lovchi 154 kilometrlik temir yo‘lni elektrlashtirishga 80 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratdi, deb xabar qildi OTB matbuot xizmati. Mazkur uchastka Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (MOMIH) Koridor 2 dasturining bir qismi hisoblanadi.

Loyiha Ozarbayjon, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyni bog‘lovchi Koridor 2 bo‘ylab mintaqaviy savdo-sotiqni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. U ekologik va temir yo‘l xavfsizligi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ham yordam beradi — loyiha natijasida atmosferaga SO2 chiqarish darajasi yiliga 10 ming tonnaga kamayadi.

Loyihaning umumiy qiymati 177,45 mln dollarga baholangan bo‘lib, «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi va O‘zbekiston hukumatining ulushi 97,45 mln dollarni tashkil etadi. OTB loyihani amalga oshirish, shartnoma bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatish uchun uskunalar va mashina-mexanizmlar hamda tashqi energiya ta’minoti uchun materiallar sotib olish ustidan nazorat bo‘yicha maslahatchilarni moliyalashtirishda ham hamkorlik qiladi.