Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi gaz ta’minoti ob’ektlarining bir qismi gaz taqsimlash tarmoqlari va tabiiy gazni sotish tarmoqlaridan foydalanish uchun xususiy operatorlar vakolatli boshqaruviga o‘tkaziladi. Bu Prezidentning 20 apreldagi qarorida belgilangan.

Sinov loyihasi tariqasida poytaxtdagi «Bektemirtumangaz» (Bektemir tumani) tuman ekspluatatsiya xizmati ob’ektlarini xususiy operatorga berish rejalashtirilmoqda. Qoraqalpog‘istonda «Kegeylitumangaz», Andijon viloyatida — «Shahrixontumangaz», Buxoroda — «Kogontumangaz», Jizzaxda — «Zomintumangaz», Qashqadaryoda — «Qarshitumangaz», Navoiyda — «Qiziltepatumangaz», Namanganda — «Namangantumangaz», Samarqandda — «Narpaytumangaz», Surxondaryoda — «Jarqo‘rgontumangaz», Sirdaryoda — «Yangiyershahargaz», Toshkentda — «Yangiyo‘ltumangaz», Farg‘onada — «Oltiariqtumangaz» va Xorazmda — «Yangiariqtumangaz» filiali sinov uchun tanlab olindi.

Hujjatda qayd etilishicha, qaror gaz ta’minoti tizimida samarali boshqaruv tizimini shakllantirish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish, uning modernizatsiyasi uchun investitsiyalarni jalb etish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda yetkazilgan tabiiy gaz uchun o‘z vaqtida hisob-kitoblarni amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Vakolatli boshqaruv tizimini 1 iyundan joriy etish rejalashtirilgan. Xususiy operatorlar tanlov asosida saralab olinadi. Tabiiy gaz ular tomonidan tegishli litsenziyasiz sotiladi. Xususiy operatorlarga ajratiladigan komission mukofot puli sotilgan tabiiy gaz qiymatining 21 foizidan ortmasligi belgilab qo‘yildi. Xususiy operatorlar xodimlar sonidan qat’i nazar yagona soliq to‘lovini to‘laydi.