O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni Olmazor tumanida bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zA.

Davlat rahbari mazkur tumanda barpo etiladigan yangi savdo markazi va ko‘p qavatli uylar loyihalari bilan tanishdi.

Nurafshon va Forobiy ko‘chalari kesishgan joyda uch qavatli «Eski shahar» savdo markazi barpo etiladi. Bu yerda xaridorlarga qulayliklar yaratish maqsadida kafe, galereya, bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar to‘xtash joyi va boshqa ob’ektlar quriladi. Markazning 2018 yil Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident markazning uchinchi qavatida «Kitob olami» do‘koni va milliy kino san’ati xazinasidan o‘rin olgan filmlar namoyish qilinadigan kinozal barpo etish kerakligini ta’kidladi.

Toshkent shahrida ko‘p qavatli arzon uylar qurish ko‘lamini kengaytirish dasturi doirasida Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chasi kesishgan hududda 7 qavatli 800 xonadonga mo‘ljallangan 12 turar joy barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratiladi.

Davlat rahbari Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etiladigan yangi madaniyat va istirohat bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi. Mazkur bog‘ni aholi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish, bunda Toshkentning qadimiy an’analarini hisobga olish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev «Tabassum» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla hayoti bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. Mahalladagi 27 ko‘p qavatli uyda 5 ming 300 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yaqinda mahalla hududida bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi. Hozirda boshqa ob’ektlar qurilishi davom ettirilmoqda.

«Har bir rahbar odamlarning dardiga quloq solishi, muammolarini hal qilishi, bir so‘z bilan aytganda, ularni rozi qilish tashvishi bilan ishlashi kerak», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasi hududida quriladigan axborot-resurs markazi loyihasi bilan tanishdi. Majmua elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga oladi. Ushbu imkoniyatlardan OTM, o‘rta maxsus ta’lim maskanlari o‘quvchi va talabalari, professor-o‘qituvchilari foydalanishlari mumkin.

Prezident majmuani Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekiston talabalarining Milliy ilmiy-ma’rifiy markazi tarzida tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Markaz atrofida bog‘ barpo etiladi, O‘zbekiston va jahon mutafakkirlarining byustlari o‘rnatiladi.

Shavkat Mirziyoyev «Oniks Toshkent» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Korxona Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, bir sutkada 20 tonna natriy-kalsiylik zamonaviy shisha idishlar ishlab chiqaradi. Shu yerda 2017−2018 yillarda Olmazor tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha taqdimoti bo‘ldi. Unda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan bino va inshootlardan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng Prezident tumandagi Imom Termiziy jome’ masjidida bo‘ldi. Mutasaddilarga masjidni rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Olmazor tumani bo‘ylab safar yakunida Shavkat Mirziyoyev Toshkent va tumanlari hokimlari, qator vazirlik va mahkamalar rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.