O‘zbekistonda bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlardan ularni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Hujjat loyihasi normativ-huquqiy aktlar portaliga muhokama uchun joylashtirildi.

Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlar deyilganida O‘zbekiston hududida tarqatish uchun mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari mahsuloti, shu jumladan elektron, bosma va kitob, teleradio-, audiovizual mahsulotlar, elektron hisoblash mashinasi va ma’lumotlar bazasi uchun dasturlar, kompyuter va boshqa elektron o‘yinlar, shuningdek, tomoshabop tadbirlar, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet axborot tarmog‘i orqali tarqatiladigan axborot tushuniladi.

Qonun loyihasida axboriy mahsulotlarning yosh toifalari bo‘yicha tasniflash ehtimoli ham ko‘zda tutilgan. Toifalash (7 yoshgacha, 7−14 yosh, 14−18 va bolalar uchun taqiqlangan) voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha mahkamalararo komissiyalar tomonidan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari va tarqatuvchilarining murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida tarqatilishi taqiqlangan mahsulotlar ishchi organning ekspert xulosalari asosida maxsus reyestrga kiritilishi rejalashtirilgan. Ro‘yxat haqida ma’lumot olishga qiziqish bildirgan shaxslarga internet orqali taqdim etiladi.