O‘zbekiston Prezidenti 21 aprel kuni «2017−2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjat qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketishni tashkil etish va ulardan foydalanishdagi muammolarni bartaraf etish hamda ushbu sohada xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, hozirgi vaqtda chiqindilar to‘planadigan mavjud poligonlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlariga to‘liq javob bermaydi. Aksariyat joylarda chiqindilar tartibsiz ravishda to‘planadigan punktlar hamon saqlanib qolmoqda va ular tutash hududlarning sanitariya-epidemiologiya holatini yomonlashtirib, yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishiga sharoit yaratmoqda.

Qarorda 2017 yilda mamlakat shaharlaridagi sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga 237 ta maxsus texnika xarid qilish, 94 ta garaj qurish, qattiq maishiy chiqindilar uchun 168 ta elak qurilmalari o‘rnatish rejalashtirilgan. Qattiq maishiy chiqindilar to‘planadigan 168 ta poligonni obodonlashtirish belgilangan.

Toshkent, Samarqand, Andijon va Namangan shaharlarida yirik loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan, 2017−2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining 161 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘larini jalb etgan holda shaharlarda chiqindilarni to‘plash, tashib ketish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi.

2017−2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan texnologiyalarni joriy etish prognoz ko‘rsatkichlari, jumladan, kelgusi ikki yilda Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini qurish ko‘zda tutilib, mazkur loyihalarga 27 million AQSH dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va mazkur dasturlar amalga oshirilishini nazorat qilish, muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Respublika komissiyasi tashkil etildi.

2017−2021 yillarga mo‘ljallangan dasturni moliyalashtirish uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.

Toshkentda chiqindilarni olib chiqish, chiqindi yig‘ish punktlari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini saqlash va ekspluatatsiya qilish bilan «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi shug‘ullanadi. Viloyatlarda esa bu vazifalar Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida tashkil etiluvchi «Toza hudud» davlat unitar korxonalari zimmasiga yuklatiladi.

Natijada aholini qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2021 yilgacha mamlakat bo‘yicha 63 foizdan 93 foizga o‘sadi.