Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni shu haqdagi farmonni imzoladi.

Farmon bilan Davlat ekologiya qo‘mitasiga quyidagi vazifalar yuklandi:

ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;

maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va ko‘mish ishlarining samarali tizimini tashkil etish;

atrof-muhitning ekologik holati maqbul tarzda saqlanishini, ekologiya tizimlari, tabiiy komplekslar va alohida ob’ektlarni qo‘riqlashni, ekologik vaziyat sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;

yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya qilish borasida davlat ekologik nazoratini amalga oshirish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar, yovvoyi o‘simliklar ko‘paytiriladigan va saqlanadigan pitomniklar, zoologiya va botanika kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish;

ekologik tarbiya, targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Qo‘mita tarkibida hududlarda o‘z bo‘linmalariga ega bo‘lgan Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari huzurida shahar va tumanlarda o‘z filiallariga ega bo‘lgan «Toza hudud» davlat unitar korxonalari tashkil etiladi.

Hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspeksiyasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.

Qo‘mitada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi ham tashkil etiladi.