Yarim professional Uzbek Tigers boks klubi bokschilari WSB Jahon boks seriyasi oltinchi saralash bosqichi doirasida mehmonda Patriot Boxing Team bilan kechgan uchrashuvda mag‘lub bo‘lganiga qaramasdan, musobaqaning chorak finaliga yo‘l oldi. Bellashuvlar 21 aprel kuni Rossiyaning Perm shahrida bo‘lib o‘tdi.

Jamoalar S2 guruhiga mansub 52, 60, 69, 81 va +91 kg vazn toifalarida bahs olib bordi.

52 kg gacha vazn toifasida Abrorjon Qodirov (2 g‘alaba, 4 mag‘lubiyat) Vyacheslav Tashkarakov (2−5) bilan bellashdi. O‘zidan qariy 10 yosh katta bo‘lgan raqibiga qarshi ishonchli jang olib borgan O‘zbekiston vakili uch raund yakunlariga ko‘ra hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb topildi — 0:3 (47/48, 46/49, 45/50).

Ikkinchi jangda 60 kg gacha vazn toifasida Ulug‘bek Do‘smurodov (0−1) WSBdagi debyutida Konstantin Bogomazovga (3−3) qarshi ringga chiqdi. Biroq g‘oliblik rossiyalik bokschiga nasib etdi — 3:0 (48/47, 49/46, 48/47).

69 kg gacha vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs Odiljon Aslonov (0−1) va Artyom Zaysev (2−0) o‘rtasida kechdi. Bahs Rossiya bokschi foydasiga yakun topdi — 3:0 (48/46, 49/46, 48/47).

Birinchi og‘ir vaznda ringga chiqqan Madiyor Saidrahimov (0−1) Pavel Silyaginni (8−1) faqatgina bir raundda yuta oldi. Natija esa Rossiya bokschisi foydasiga — 2:1 (48/47, 46/49, 49/46).

Uchrashuvdagi so‘nggi bahsda 91 kg dan yuqori vazn toifasida Mirzabek Hasanov (3−1) esa Artyom Suslenkov (0−1) bilan kuch sinashdi. Rossiyalik raqibida 6 kg vazn og‘ir bo‘lishiga qaramasdan, Uzbek Tigers bokschisi ustidan g‘alaba qozona olmadi — 3:0 (47/48, 46/49, 47/48).

Video boyev

Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda 12 mamlakat 3 ta saralash guruhiga: A — Amerika, V — Osiyo va S — Yevropa bo‘lingan holda o‘zaro bellashmoqda. Rossiya klubi bilan uchrashgunga qadar «O‘zbek yo‘lbarslari» WSB chorak finalini naqd qilib qo‘ygan edi. Musobaqa pley-offida sakkiz jamoa — har bir kvartetda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni olgan olti klub va qolgan jamoalar orasida eng yaxshi natijani qayd etgan ikki terma o‘zaro bahs olib boradi.

Shunday qilib, musobaqaning keyingi bosqichiga Cuba Domadores (Kuba), Colombia Heroicos (Kolumbiya), British Lionhearts (Buyuk Britaniya), Italia Thunder (Italiya), France Fighting Roosters (Fransiya), Astana Arlans (Qozog‘iston), Patriot Boxing Team (Rossiya) va Uzbek Tigers (O‘zbekiston) klublari yo‘l oldi. Chorak final juftliklari dushanba kuni ma’lum bo‘ladi.

Boks Feberatsiyasining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Uzbek Tigers klubining navbatdagi jangi 13 may kuni bo‘lib o‘tadi. Bu safar bellashuvlarning Samarqandda tashkil etilishi kutilmoqda.