Toshkentdagi Nurafshon va Xumdonsoy ko‘chalari chorrahasiga taymerga ega yorug‘lik diodli svetoforlar o‘rnatildi.

Poytaxt IIBB YHXBning «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning avtomobil svetoforlari sinov tariqasida o‘rnatilgan. Uning yakunlari bo‘yicha xuddi shunday svetoforlar boshqa chorrahalarga ham o‘rnatilishi mumkin. Piyodalar svetorforlariga taymerlar o‘rnatilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Shaharda qo‘llanib kelinayotgan odatdagi qurilmalardan farqli ravishda, svetoforning sariq chirog‘i o‘rnidagi raqamlar agarda harakatlanishni taqiqlovchi chiroq yonib turgan bo‘lsa qizil, ruxsat beruvchi ishora vaqtida esa yashil rangda yonadi.

Qayd etish joizki, avvalroq YHXB vakillari poytaxtdagi qayd etish kameralari o‘rnatilgan 115 ta chorrahaga taymerlar o‘rnatish rejasining mavjud emasligini ma’lum qilgan edi. Toshkentda jami 400 ta chorraha mavjud.

O‘zbekistonning bir qancha shaharlarida taymerli svetoforlardan bir necha yillardan buyon foydalanib kelinmoqda.