O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 19 aprel kuni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish, shuningdek, eksport prognoz ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi va eksport hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Yig‘ilishda tayyor mahsulotlar turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish doirasida qiymati 5,5 milliard dollardan ortiq 2,8 mingdan ko‘proq mahalliylashtirish loyihasi hayotga tatbiq etilgani, ilgari xorijdan olib kelingan 4,8 mingdan ziyod yangi mahsulotlar turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani ta’kidlandi. Natijada keyingi besh yilda import hajmi 752 million dollarga, jumladan, 2016 yilda 286 million dollarga kamaydi.

Biroq import o‘rnini bosadigan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganiga qaramasdan, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari import hajmining asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muhim loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan valyuta mablag‘laridan samarasiz foydalanishga olib kelmoqda.

«O‘zbekenergo», OKMK «O‘zbekengilsanoat», «O‘zqurilishmateriallari», «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zpaxtasanoateksport», «O‘zdonmahsulot», «O‘zbekcharmpoyabzali», «O‘zfarmsanoat» korxonalarida 2016 yilda import hajmi sezilarli ravishda oshgan. Qator kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari, jumladan, «O‘zbekneftgaz», OKMK, «O‘zbekengilsanoat», «O‘zbekenergo», «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zkimyosanoat», «O‘zeltexsanoat», «O‘zfarmsanoat», «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyalari O‘zbekiston korxonalarida ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan mahsulotlarning xorijdan olib kelinishiga yo‘l qo‘ygan. Shu bilan birga, ayrim korxonalar tomonidan xorijdan ularning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan mahsulotlar ham sotib olingan.

Qayd etilgan kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari import hajmi, ayniqsa, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xomashyo va materiallarni xorijdan olib kelish hajmining o‘sishi, shuningdek, asossiz import uchun valyuta resurslarini jalb qilgani uchun ularga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari qo‘llanilishi, hatto, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga importni maqbullashtirish va qisqartirish, shuningdek, ular nazorat qiladigan tashkilot hamda korxonalarning valyuta mablag‘laridan samarali foydalanishi bo‘yicha shaxsan javob berishi to‘g‘risidagi masala yuklandi.

«O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati rahbarlari Alisher Sultonov va Akbar Shukurovga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun keraksiz bo‘lgan tovarlar bojxona omborlarida uzoq muddat saqlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Davlat bojxona qo‘mitasiga Hisob palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bojxona omborlarida uzoq vaqtdan buyon saqlanayotgan mahsulotlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va ulardan keyinchalik foydalanish, shuningdek, bojxona omborlari tizimini maqbullashtirish va tartibga solish, ular uchun xalqaro standartlar darajasida yagona texnik talablar belgilash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritish topshirildi.

Raqobatbardosh va import o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari yig‘ilish ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi. «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni rahbari M.Do‘stmurodov, «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi rahbari F.Boqiyev, «O‘zagrotexsanoatxolding» xolding kompaniyasi raisi N.Otajonov, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi raisi O.Rustamov va «O‘zmontajmaxsusqurilish» aksiyadorlik kompaniyasi rahbari A.Shodiyev mahalliylashtirish va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishni ta’minlamayotgani uchun qattiq tanqid qilindi.

Iqtisodiyot vazirligiga mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni yanada rag‘batlantirish maqsadida Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishda yondashuvlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va 2018 yildan Dasturga mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarishni o‘zlashtirish taklif etilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ro‘yxati asosida yangi mahalliylashtirish loyihalarini kiritish haqida ogohlantiruvchi mexanizmni joriy etish topshirildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari e’tibori aksariyat korxonalar Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjada shartnomalarni nomigagina tuzayotganiga qaratildi. Jumladan, «O‘zavtosanoat»,"O‘zmontajmaxsusqurilish", «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyalari, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, «O‘zagrosanoatxolding» xolding kompaniyasi korxonalari 2016 yilda tuzilgan shartnomalar bo‘yicha mahsulotlarni to‘liq xarid qilmagan. Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, axborot-tahlil departamentlari mudirlari, vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalar, uyushmalar, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjada 2017 yil uchun tuzilgan shartnomalar o‘z vaqtida, to‘liq amalga oshirilishi uchun shaxsan javob berishi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining 6 apreldagi farmoyishi bilan tashkil etilgan Import bo‘yicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini tanqidiy tahlil qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha komissiya rahbari M.Nurmurotovga Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq, tarmoqlar tomonidan importni kamaytirish va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarlik choralari bo‘yicha qarorlari loyihasini O‘zbekiston Prezidenti devoniga har oyda kiritish topshirildi.

Shu bilan birga, Komissiya zimmasiga 1 iyulga qadar bojxona to‘lovlari bo‘yicha qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyozlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va ularni qisqartirish hamda maqbullashtirishga doir takliflar kiritish vazifasi yuklatildi. Vazirlar Mahkamasiga 1 maydan bojxona to‘lovlari bo‘yicha yangi imtiyozlarni taqdim etish bo‘yicha takliflarni faqat Komissiya bilan kelishgan holda ko‘rib chiqish amaliyotini joriy qilish topshirildi.

Yig‘ilishda tovarlar, ishlar va xizmatlarning eksport hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, jahon bozori kon’yunkturasini hisobga olgan holda qo‘shimcha eksport uchun foydalanilmagan zaxiralarni jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

2017 yilning birinchi choragida eksport hajmi 2016 yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga oshganiga qaramasdan, turli tarmoqlar va hududlardagi qator korxonalar eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni to‘liq bajarmagani ta’kidlandi. Xususan,"O‘zagrotexmash", «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni korxonalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi hududiy korxonalar tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarni bajarishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilgan. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan qator tumanlar, jumladan, Oltinko‘l (Karimov), Buloqboshi (Maxsudov), Qo‘rg‘ontepa (Ergashev), Xo‘jaobod (Ismoilov), Buxoro (Esonov), Vobkent (Javodov), Baxmal (Safarov), Sariosiyo (Jo‘rayev), Sirdaryo (Nazarov) va Quva (Rahmonov) tumanlarida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish prognozlari bajarilmagan.

Eksport prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun «O‘zagrotexsanoatxolding» (Otajonov), «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding (Rustamov) kompaniyalari, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati (Zaripov), «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni (Do‘stmurotov) rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari faoliyati tanqid qilindi.

2017 yilning birinchi choragida meva-sabzavot mahsulotlarini belgilangan hajmda eksportga yetkazib berishni ta’minlamagan tumanlar hokimlari birinchi yarim yil yakunlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajarmagan taqdirda ularning egallab turgan lavozimida qolishi yoki qolmasligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.

Eksport prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlamagan tarmoqlar va hududlar rahbarlariga o‘n kun muddatda yo‘l qo‘yilgan ortda qolishning o‘rnini to‘ldirish va joriy yil birinchi yarmi va, umuman, 2017 yil yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan eksport ko‘rsatkichlariga chiqish maqsadida har bir korxona kesimida mavjud muammoli masalalarni bartaraf etishga doir aniq choralar ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga «O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini, jumladan, ushbu mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashgan 66 tumanda ekinlarni o‘z vaqtida ekish, mahsulotlarni tayyorlash, shartnomalar tuzish va jo‘natish orqali eksport ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Yig‘ilishda joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining kasblar bo‘yicha bilim va mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, bandligini ta’minlash, ular uchun munosib ish sharoiti yaratish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahalliy davlat organlariga yangi ish o‘rinlari tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha yangicha tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.