O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniyga mazkur mamlakatning bir qator hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va bedarak yo‘qolgani munosabati bilan hamdardlik maktubi yo‘lladi.

Davlat rahbari Eron Prezidenti va xalqiga, qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Tinimsiz yoqqan yog‘ingarchiliklar tufayli Erondagi Urmiya ko‘liga quyiluvchi daryo o‘z o‘zanidan toshgan. Suv oqimlari mamlakatning beshta provinsiyasida ko‘priklarni buzib, kommunikatsiyalarni yo‘q qilgan, transort aloqasiga ziyon yetkazgan. 40 nafardan ziyod kishining vafot etgani, 22 kishining bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.