Tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi taniqli olima, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Anna Ivanovna Glushenkova 91 yoshida vafot etdi, deb xabar qildi O‘zA.

Anna Glushenkova 1926 yil 1 avgustda Volgograd viloyati (Rossiya) Rudna tumanida tug‘ildi. 1948 yili O‘rta Osiyo industrial institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olima qariyb 70 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasi prezidiumi a’zosi kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va mamlakatda tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Uning paxta tolasi va chigitini qayta ishlash, ulardan zarur iste’mol mahsulotlari hamda dori vositalari tayyorlash bo‘yicha ilmiy ishlanmalari iqtisodiyot tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.

Olimaning tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 400 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.