2013 yildan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasini boshqarib kelgan Baxtiyor Abdusamatov Yunusobod tuman hokimi etib tayinlandi. «Gazeta.uz"dagi mazkur xabar tuman ma’muriyati tomonidan tasdiqlandi.

Baxtiyor Abdusamatov (1976 yilda tug‘ilgan) Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (1996 yil) va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (2003) tamomlagan. 2011−2013 yillarda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. Muqaddam TIAISda turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni o‘tkazilgan keng ko‘lamli videoselektorli yig‘ilishda bir qator amaldorlarni samarasiz ishi uchun tanqid ostiga olgan edi. Hukumat boshlig‘ining majlis yakuniga ko‘ra qabul qilgan qarorida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqa bir qator mahkamalar qatori Prezident va hukumat qarorlari va boshqa aktlar ijrosini o‘z muddatlarida ado etmayotgani haqida so‘z ketadi.

Yunusobodning avvalgi hokimi Mira’zam Mirqosimov mart oyi oxirida o‘z lavozimidan ozod qilindi. U mazkur lavozimda 2016 yilning oktyabrida tayinlangan edi.