17−20 aprel kunlari Dushanbeda (Tojikiston) O‘zbekiston sanoat korxonalari mahsulotlari Milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qildi «O‘zekspomarkaz» kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ko‘rgazmada 160 dan ziyod kompaniya 1500 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. «Poytaxt-90» savdo markazining 2000 kv. m maydonni egallagan hududida elektrotexnika, kabel-o‘tkazuvchi, farmatsevtika, santexnika mahsulotlar, to‘qimachilik, charm sanoati tovarlari, o‘quv-laboratoriya jihozlari, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, chinni buyumlar, idish-tovoqlar, alkogol ichimliklari va parfyumeriya mahsulotlari namoyish etilmoqda.

1000 kv. m maydondagi ochiq hududda esa qishloq xo‘jaligi texnikalari va osma qurilmalar, yengil va yuk avtomobillari hamda yo‘lovchi avtobuslari taqdim etilgan.

O‘tkazilishi rejalashtirilgan biznes-forum va seminarlarda o‘zbek va tojik tomonidan 500 nafardan ziyod tadbirkorlik doiralari vakillari ishtirok etadi.