O‘zbekiston Prezidentining 18 apreldagi farmoni bilan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.

Qaror «xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida davlat siyosatini sifat jihatdan o‘zgartirishni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini xususiylashtirilgandan keyin amaliy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida» qabul qilindi.

Xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash va samaradorligini oshirishni har tomonlama keng qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi daromadlarining barqaror o‘sishini ta’minlaydigan yangi ish o‘rinlarini yaratish, ushbu maqsadlarda vakolatli davlat organlari, moliya hamda boshqa bozor tuzilmalarining Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan mustahkam xamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining g‘oyat muhim vazifasi deb belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 1 yanvariga qadar muttasil yangilanib turuvchi quyidagi choralar amalga oshiriladi:

  • soliq, statistika va kadastr organlarining ma’lumotlar bazasi bilan o‘zaro elektron aloqani ta’minlaydigan tarmoqlar, hududlar va turli xususiylashtirish shakllari kesimida davlat mulkining xususiylashtirilgan ob’ektlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi;
  • bo‘sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan xususiylashtirilgan ob’ektlar, ishlab chiqarish maydonlari va qurilishi tugallanmagan ob’ektlardan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun foydalanish maqsadida ularning hududiy reyestrlari;
  • xususiy biznesni tashkil etish uchun tadbirkorlarga taklif etilayotgan bo‘sh yotgan davlat mulki ob’ektlarining hududiy reyestrlari yaratiladi.

1 iyundan boshlab har bir tumanda xususiylashtirilgan ob’ektlar negizida loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlar uchun kasb-hunar kollejlarining binolarida o‘quv mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtda o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga biznes-rejalar tayyorlashda, zarur axborotni olishda va tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq amaliy masalalarni hal etishda ularga ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko‘rsatish uchun biznes-inkubatorlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Davlat qo‘mitasi ikki haftalik muddatda 2017−2018 yillarda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish bo‘yicha «yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqishi va amalga oshirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlashi lozim.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar jamg‘armasi negizida Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etiladi.