Toshkentning Chilonzor tumani hokimi lavozimiga 2014 yildan O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish Davlat qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan Davron Hidoyatov tayinlandi. Bu xabarni shahar hokimiyati saytidagi ma’lumot tasdiqladi.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 aprel kuni o‘tkazilgan keng ko‘lamli videoselektorli yig‘ilishda bir qator amaldorlarni samarasiz ishi uchun tanqid ostiga olgan edi. Hukumat boshlig‘ining majlis yakuniga ko‘ra qabul qilgan qarorida Davlat raqobat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatining samarasizligi hamda Vazirlar Mahkamasining 14 yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida topshirilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha amaliy kompleks choralar ko‘rilmagani haqida so‘z ketadi.

Chilonzor tumanining avvalgi hokimi Toxir Mirhidoyatov 12 aprel kuni Prezidentning tumanga tashrifidan so‘ng lavozimidan bo‘shatilgan. U 2015 yil iyundan buyon mazkur mansabni egallab kelayotgan edi.