Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

Xiyobonga Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom va Zulfiya haykallari ko‘chiriladi. Bundan tashqari, o‘zbek milliy adabiyotining ulkan namoyandalari: Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualarini barpo etish bo‘yicha ijodiy tanlov o‘tkaziladi.

1991 yili Milliy bog‘ hududida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali barpo etilgan edi. Ushbu hududda 2007 yili Abdulla Qahhor, 2010 yili Oybek, 2013 yili Said Ahmad va Saida Zunnunova xotiralariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatildi.

Shuningdek, bog‘ hududida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun zamonaviy yangi bino qurish nazarda tutilgan. Mazkur hududda joylashgan O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosi Yozuvchilar uyushmasi tasarrufiga o‘tkazilib, bu yerda doimiy ravishda kitoblar ko‘rgazmalari va taqdimotlari, turli adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan adabiy markaz tashkil etiladi.

Qaror «Milliy bog‘ni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan» maskanga aylantirish singari maqsadlarga yo‘naltirilgan.