RIA Novosti — Turkiyada o‘tkazilgan konstitutsion referendumda prezidentlik boshqaruv shakli tarafdorlari uncha katta bo‘lmagan farq bilan parlament boshqaruvi tarafdorlari ustidan g‘alaba qozondi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ular 51,2 foiz yoki konstitutsion islohotlarga qarshi turganlarga nisbatan 1,25 million ko‘proq ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Prezidentlik tizimiga o‘tish bo‘yicha konstitutsion o‘zgarishlari avvalroq Turkiya parlamenti tomonidan tasdiqlanib, Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on tomonidan imzolangan edi.

Loyihani «Adolat va taraqqiyot» va «Milliy harakat» partiyalari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Erdo‘g‘onni yakkahokimlik o‘rnatishga urinishda ayblagan muxolif partiyalar — Xalq demokratik partiyasi va kurdparast Xalq demokratik partiyasi bunga qarshi chiqdi.

Turkiya konstitutsiyasining 18 ta moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezident davlat tizimi rahbariga aylanadi, u vitse-prezidentlar, vazirlar va yuqori darajali amaldorlarni tayinlash vakolatiga ega bo‘ladi. Bosh vazir lavozimi bekor qilinib, ijro hokimiyati prezident qo‘l ostiga o‘tadi. Favqulodda holat e’lon qilish huquqi prezidentga o‘tib, FH tartibi bo‘yicha davlat rahbari qarori parlament tomonidan tasdiqlanadi. Davlat rahbari parlamentning dastlabki tasdig‘idan o‘tishi shart bo‘lmagan qonun kuchiga ega boshqa qarorlarni ham qabul qilishi, biroq kelgusida parlament ularni bekor qilishi mumkin.

Parlament deputatlari soni 550 dan 600 nafarga oshiriladi. Nomzodlar uchun yosh chegarasi 25 dan 18 ga tushiriladi. Saylovlarni qaytadan o‘tkazish to‘g‘risida parlament ham, prezident ham qaror qabul qilishi mumkin. Qonunchilik va ijro hukumati organlari saylovlari bir kunda o‘tkaziladi. Parlament va prezident besh yil muddatga saylanadi, bunda davlat rahbari o‘z lavozimidan ketma-ket ikki martadan ortiq muddat o‘tirishi mumkin emas. Prezident parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega bo‘ldi, biroq shunday qarorga kelgan taqdirda o‘zi ham qayta saylanishi lozim.

Navbatdagi parlament va prezident saylovi 2019 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng prezidentlik boshqaruv tizimi to‘g‘risidagi nizom bandlari kuchga kiradi.