O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlarining maxsus kiyim-boshi, atributikasi va farqlovchi belgilari qayta ko‘rib chiqiladi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 10 aprelda imzolangan ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Maxsus kiyim-bosh va atributikani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi 2018 yil iyulga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Qaror ularni xalqaro standartlarni hisobga olgan holda yangilash va unifikatsiyalash, shuningdek, fuqarolar ongida ichki ishlar organlari to‘g‘risida ijobiy tasavvurlarni shakllantirish maqsadlariga yo‘naltirilgan.

Avval xabar qilganimizdek, amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishdan iborat.