2017−2020 yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlari paydo bo‘ladi. Ularni bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha dastur Vazirlar Mahkamasining 10 apreldagi qarori bilan tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Norma.uz.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent va Samarqand shahridagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari Koreya Respublikasi ko‘magida ochilgan edi. Aynan shunday loyiha hozirda Shaxrisabzda amalga oshirilmoqda. Koreya Respublikasi Urganch va Farg‘ona vodiysida (Qo‘qon yoki Farg‘onada) ham markaz tashkil etishga ko‘maklashadi. Boshqa shaharlardagi markazlar esa bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, donor davlatlar grantlari va xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari hisobidan bunyod etiladi.

Har biri 240 o‘ringa ega markazlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va kasblar bo‘yicha bepul qayta tayyorlash va malaka oshirish bilan shug‘ullanadi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlagan fuqarolarni o‘qitish muddati bir yilgachani tashkil etadi.

Bundan tashqari, markazlar ish izlayotgan shaxslar, shuningdek, ish beruvchilar arizalariga binoan ta’lim oluvchi ishchi xodimlar uchun malaka oshirish bo‘yicha qisqa muddatli pulli kurslarni ham taqdim etadi. Biroq ular soni jami yillik ta’lim oluvchilar sonining 15 foizidan ortishi mumkin emas.

Ta’lim olayotgan ishsiz fuqarolar ko‘pi bilan yarim yil davomida bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi.