O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati bo‘ylab safari jarayonida juma kuni Imom Buxoriy maqbarasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi. Bu yerda u xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida shunday markazni ochish taklifi bilan chiqqan edi.

Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shug‘ullanadi.

«Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan ushbu maskanda o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy muhit mavjud, — dedi davlat rahbari. — Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o‘ziga katta ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o‘rganib ketsin. Shunda ularning kalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas’uliyatini his etadi».

Yangi markazda allomalarning bebaho merosini o‘rganishda o‘ziga xos maktab yaratgan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulug‘ faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlar boy merosini alohida-alohida o‘rganish va ilmning shu sohalari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev olimlar va ulamolar bilan suhbatda ushbu markazda tadqiqotchilarga Qur’oni karim oyatlarini qiroat bilan o‘qish, to‘g‘ri talaffuz etish, arab imlosida yozish — kalligrafiya bo‘yicha mamlakatning yetakchi olimlari darslarini yo‘lga qo‘yish, xorijlik tadqiqotchilar uchun stajirovkalar ta’sis etish haqida so‘zladi.

Uchrashuvda Buxorodagi Mir Arab madrasasining ham qadimgi mavqeini tiklash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Uning binosini ta’mirlash va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasi hududida Islom taraqqiyot markazini tashkil etmoqchimiz. Ushbu maskanda ham Imom Buxoriy xalqaro markazi kabi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy dunyosini boyitishga, buyuk ajdodlarimiz islom ta’limotiga beqiyos hissa qo‘shganini aniq misollar bilan ko‘rsatish kerak», — dedi davlat rahbari.

Imom Buxoriy majmuasi atrofida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. Bu ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlat rahbari Maxdumi A’zam ziyoratgohidan Imom Buxoriy majmuigacha bo‘lgan yo‘l bo‘yida ikki qavatli zamonaviy uylar va ijtimoiy ob’ektlar qurish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.