Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi avtomobil yo‘lida 13 aprel kuni sodir bo‘lgan ko‘chki natijasida bir kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohatlandi. Ularning ikkisi ham ko‘chki vaqtida qulagan Damas avtomobilida bo‘lgan, deya xabar qildi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.

Hodisa 7:50 da 4R-10 avtomobil yo‘lining Bog‘iston posyolkasi hududi bo‘ylab o‘tuvchi 47-kilometrida (Chorvoq suv omborini aylanib o‘tish yo‘li) sodir bo‘lgan. Yer ko‘chkisining uzunligi 10−14 m, kengligi — 10−15 m, balandligi — 1−1,5 metr bo‘lgan.

Halok bo‘lgan va jarohatlanganlar Bog‘istonda istiqomat qilgan. Ular Bo‘stonliq tuman kasalxonasiga yetkazilgan, jabrlanganlardan biri shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Hozirda mutasaddi tashkilotlar tomonidan hodisa joyida tozalash ishlari olib borilmoqda.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning dengiz sathidan 2000 metrdan baland tog‘li hududlarida 18 aprelga qadar sel kelish xavfi saqlanib qoladi.