Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev yil oxiriga qadar lotin yozuviga asoslangan qozoq alfavitining yagona standart variantini qabul qilish vazifasini topshirdi. Bu haqda «Kelajakka nazar: jamoatchilik ongini modernizatsiya qilish» maqolasida so‘z boradi.

«Qozoq tilini lotin yozuviga bosqichma-bosqich o‘tkazish uchun ishlarni boshlash zarur. Biz juda ehtiyotkor va taktik ravishda mazkur masalaga yetib keldik. Bu yerda sokinlik va bosqichma-bosqichlik lozim. Va biz butun Mustaqillik yillarida ehtiyotkorlik bilan tayyorgarlik ko‘rdik», — deyiladi maqolada.

Qozog‘istonda 1929 yildan 1940 yilgacha lotin alifbosidan foydalanilgan, shundan so‘ng kirill bilan almashtirilgan. «Qozoq tili alfavitining o‘zgartirilishi tarixi asosan aniq siyosiy sabablarga ko‘ra ta’riflanadi», — deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.

2012 yil dekabrida xalqqa «Qozog‘iston-2050» an’anaviy murojaatida Nursulton Nazarboyev: «Biz 2025 yildan o‘z alfavitimizni lotinchaga o‘tkazishimiz zarur», — deb aytib o‘tgan edi.

«Shu vaqtdan biz barcha sohalarda lotin alfavitiga o‘tishni boshlashimiz lozim. Ya’ni, 2025 yilga qadar ish yuritish, davriy nashrlar, o‘quv darsliklari va boshqalarni lotinchada nashr etishimiz lozim. Hozir esa lotin alfavitiga o‘tishni boshlashga tayyorgarlik ko‘rishga kirishamiz», — deyiladi maqolada.

«2017 yil oxirigacha olimlar va keng jamoatchilik yordamida yangi grafikadagi qozoq alfavitining yagona standart variantini qabul qilish zarur. 2018 yildan yangi alfavitni o‘qitish uchun kadrlarni tayyorlash va o‘rta maktablar uchun o‘quv darsliklarini tayyorlash boshlanadi. Yaqin ikki yilda zarur tashkiliy va metodik ishlar amalga oshiriladi. Albatta, muayyan davrni o‘z ichiga olgan moslashish vaqtida kirilchada ham ish olib boriladi», — deyiladi maqolada.