Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Toshkentdagi «eng murakkab» tumanlardan biri -Chilonzor tumaniga tashrif buyurdi, deb xabar qildi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

Davlat rahbari yo‘laklar va turar joylar bo‘ylab yurib, «Yakkatut» mahallasi aholisi bilan suhbatlashdi, xonadonlardan biriga tashrif buyurib, uning sohiblarini o‘ylantirayotgan muammolar to‘g‘risida qiziqib ko‘rdi. Shavkat Mirziyoyev xonadonlar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezidentga poytaxtda bunyod etiladigan namunali mahalla markazlari loyihalari to‘g‘risida axborot berildi. Ular soni 500 tani tashkil etadi. Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asomiddin Tojiyevning ta’kidlashicha, uch turdagi mahalla markazi loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning har biri o‘zida yagona majmuani mujassam etadi.

«Avvallari mahalla markazi haqida so‘z ketganida qandaydir ma’lumotnomalarni tarqatuvchi amaldor o‘tiradigan joy tushunilar edi», — dedi u. Hozirda mutlaqo yangicha yondashuv: mahalla, bu — «madaniyat o‘chog‘i, tarbiya markazi, inson umri o‘tuvchi maskan».

Prezident loyihalar kam-ko‘stini to‘ldirish va yanada yaxshilash vazifasini topshirdi. Mahalla markazlarida rais, uning maslahatchilari va profilaktika inspektori uchun binodan tashqari, kutubxona, sport bilan shug‘ullanish, katta yoshli avlod vakillari hordiq chiqaruvchi joy, maishiy xizmat ko‘rsatish punktlari va novvoyxona bo‘ladi.

«Asosiy vazifalardan biri — mahallalar funksional bo‘lishi va xavfsizlik nuqtai nazaridan barcha talablarga javob berishi kerak», — deya qayd etdi davlat rahbari. U profilaktika inspektorlari (uchastkavoy) mahallada yashashi lozimligini ta’kidladi. Ular uchun barcha sharoitlar yaratilishi, ular qayta tayyorgarlikdan o‘tishi lozim.

«Uchastkavoylar xalq oldida hisob berishi, odamlar bilan hamnafas bo‘lib yashash kerak, odamlarning dardini bilish kerak. Uchastkavoy va mahalla raisining ishi shunga bog‘liq. Ular xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev xususiy turar joy mulkdorlari shirkatlari tizimini takomillashtirish, ular faoliyati samaradorligi va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish zarurligi to‘g‘risida ma’lum qildi. Asosiy maqsad — odamlar uchun maksimal sharoit yaratish.

«Tumanning to‘rt rahbari mutlaqo yangi tizimda ishlashsa, ikki yilda odamlarning kayfiyati to‘liq o‘zgaradi. Biroq buning uchun biz Toshkentimizni sevishimiz, Vatanimizni sevishimiz kerak, Toshkent namunali shahar bo‘lishi lozim», — dedi Prezident.

Yo‘laklar, pod’ezdlar, maktablar, kollejlar, byudjet va boshqa tashkilotlar haqida so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev ulardan «madaniyat nafasi» ufurib turishi lozimligini ta’kidladi.