12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion sudi raisining o‘rinbosari Bo‘ritosh Mustafoyev vafot etdi, deb xabar qilindi sud saytida.

Bo‘ritosh Mustafoyev 1949 yili Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetini tamomlab, o‘z faoliyatini Samarqand viloyati prokuraturasida bo‘lim prokurori lavozimida boshlagan.

Uzoq yillar davomida prokuratura organlarida mas’ul lavozimlarda ishlab, 1989 yilda O‘zbekiston prokurori, 1993 yilda esa O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlandi.

1998 yildan Prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari, adliya vaziri o‘rinbosari, Konstitutsion sud raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi, adliya vaziri, Oliy sud raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

2014 yil avgustida Konstitutsion sud raisi o‘rinbosari etib saylandi.

Bo‘ritosh Mustafoyev «O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan yurist» faxriy unvoni, II darajali «Shon-sharaf» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangan.