Shu kunlarda Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan Sudochye ko‘llar tizimida ko‘p sonli pushti flamingolar to‘dalarini kuzatish mumkin.

Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko‘llar tizimida hozirda 230dan ortiq turdagi minglab ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud.

Sudochye ko‘li o‘zining joylashishi bo‘yicha Sibir va Tundradan janubga va janubiy-sharqga, issiq mamlakatlarga va orqaga uchadigan transkontinental migrant qushlarning g‘arbiy-osiyo migratsion yo‘lida joylashgan. Mazkur ko‘l Qoraqalpog‘istonning shimoliy-g‘arbida joylashgan bo‘lib, bir necha ko‘llar tizimidan tashkil topgan (kichik va katta Sudochye, Qarateren, Begdulla aydin, Omar salim, Qarajar, Aqushpa va h.). Bu ko‘llar tizimi qushlarning uya qo‘yish, uchub o‘tuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish o‘rni bo‘lib xizmat qiladi.

Sudochye ko‘llar tizimida O‘zbekiston Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro tashkilotining “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro‘yxati"ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.

Ana shunday qizil kitobga kirgan qushlarning biri — flamingo qushining to‘dasi keyingi 10 yil ichida Sudochye ko‘lida paydo bo‘ldi. O‘zining co‘lim tabiati, go‘zal manzarasi bilan nafaqat mahalliy aholining, balki xorijiy turistlarning ham e’tiborini qozonib kelayotgan “Sudochye” ko‘llar tizimida tabiatda noyob sanaladigan pushti flamingo qushlarining mavjudligi va ushbu qushning shu joyda uyalarining topilgani respublika ornitolog-olimlarining katta ilmiy kashfiyoti bo‘ldi.

“Keyingi o‘n yilliklarda Janubiy Orol atrofida flamingoning uchrashi sezilarli darajada yuqoriladi, — deya tasdiqlaydi yosh ornitolog-olim Islambek Arepbayev. — Bu joyda flamingo uchib o‘tuvchi qush turi sifatida belgili. Lekin, 2014 yili 23 may kuni Sudochye ko‘llar tizimida olib borilgan ornitologik tadqiqotlar vaqtida ko‘lning sharqiy chegarasidagi kichikroq orolda flamingoning katta uyalovchi koloniyasi topildi. Bu haqiqiy ilmiy yangilik bo‘ldi. Biz orolda flamingoning 7000 osobi va 3000 ga yaqin uyasini sanadik. Bu O‘zbekistondagi eng katta koloniya bo‘lib, u butun dunyodagi populyatsiyaning 1,4 foizini tashkil qiladi”.

Quyida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Foto