11 aprel kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi so‘nggi yigirma besh yil ichida ilk bor Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga parvozni amalga oshirdi. Bu haqda MAK matbuot xizmati xabar qildi.

Endilikda Toshkentdan Dushanbega bir haftada ikki marotaba: seshanba (uchish 9:50 da) va shanba (uchish 13:40 da) kunlari reyslar amalga oshiriladi. Parvoz davomiyligi bir soatga yaqinroqni tashkil etadi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Tojikistondagi rasmiy vakili Orifjon Ro‘zimurodovning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishning ochilishi sayyohlar hamda turli tashkilot va mahkamalar vakillari uchun Toshkent orqali tranzit parvozlarida MAK xizmatlaridan foydalanishda ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, ikki respublika fuqarolari qisqa muddat ichida bir-birlarinikiga safar qilishlari mumkin.