RIA novosti — Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisiy xristianlar bayramida sodir etilgan qator teraktlardan so‘ng mamlakatda uch oylik favqulodda holat tartibini joriy etdi.

Milliy mudofaa kengashi yig‘ilishidan so‘ng telemurojaat qilgan davlat rahbari terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Oliy kengash tashkil etilishi to‘g‘risida xabar qildi.

As-Sisiy terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarni jazolashga chaqirib, maxsus xizmatlar ekstremistlarga qarshi kurashni kuchaytirishiga ishonch bildirdi.

Yakshanba kuni Misr cherkovlarida bir necha soat farqi bilan ikki marotaba portlash sodir etildi. Tanta shahrining asosiy cherkovida 30 kishi halok bo‘lib, 80 kishi tan jarohatini oldi. Taxminlarga ko‘ra, portlash hudkush tomonidan amalga oshirilgan.

Keyinroq esa boshqa bir terrorchi Misrdagi ikkinchi yirik shahar Iskandariyadagi cherkov kirish joyida o‘zini portlatib yuborgan. Bu yerda hudkushni to‘xtatgan va uni cherkovga kiritmagan to‘rt nafar politsiya xodimi ham halok bo‘ldi.