Juma kuni Toshkentdagi 155-avtobus yo‘nalishida (Gulobod ko‘chasi — Baxt ko‘li) kontaktsiz kartalardan foydalanilgan holda yo‘l haqini elektron to‘lash tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Tizim sinovi yakunlanganidan so‘ng 155-yo‘nalishdagi barcha avtobuslarga, so‘ngra xususiy «Avtosantrans» korxonasi xizmat ko‘rsatayotgan ikkita boshqa yo‘nalish: shahar ichidagi 152- va shahar atrofidagi 485-yo‘nalishlarga tadbiq etiladi. Kelgusida boshqa avtobus parklari, jumladan yo‘nalishli taksilarda ham tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

Kontaktsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun qurilma prototipi.

«Loyihada tizimga ulangan barcha yo‘nalishlar hamda mos ravishda barcha transport turlarida foydalanish mumkin bo‘lgan yagona transport kartasini joriy etish ko‘zda tutilgan. Kartalarga ular egalari to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yo‘lovchilar oqimi va talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hisobini aniqlik bilan yuritish hamda ularni optimallashtirishga imkon beradi», — dedi tizimni ishlab chiqqan VIA Tashkent kompaniyasi direktori Murod Obidov «Gazeta.uz"ga.

Kontaktsiz karta va chop etilgan chipta.

Salonning old qismiga o‘rnatilgan NFC-validator — mahalliy Mikroelektronika PLUS kompaniyasi ishlanmasi — bir lahzada karta egasi ma’lumotlarini hisobga olib, yo‘l haqini hisob raqamidan yechib oladi. Uskuna mobil aloqa yordamida muntazam ravishda yagona ma’lumotlar bazasi bilan bog‘lanib turadi.

U shunday o‘rnatilganki, aloqaning uzluksiz bo‘lishini talab qilmaydi, dedi Mikroelektronika PLUS direktori Sarvarbek Rahimbekov.

Smartfon yordamida to‘lov.

Yo‘l haqini NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi smartfonlar yordamida ham amalga oshirsa bo‘ladi. Foydalanuvchilar bepul ilovani o‘rnatishlari lozim bo‘ladi. Foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng o‘z safarlari, hisobini to‘ldirish va pul yechib olishlari tarixini kuzatib borishi mumkin. Shaxsiy ma’lumotlar yo‘lovchilarning turli toifalariga (maktab o‘quvchilari, talabalar va pensionerlar) imtiyozlar berish uchun ham zarur — bularning barchasi dasturga kiritiladi.

Validator prototipi. Qurilmaning yakuniy ko‘rinishi yanada ixchamroq bo‘ladi.