Xalqaro press-klub (XPK) nodavlat notijorat tashkilot sifatida O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Klubga guvohnoma topshirishga bag‘ishlangan marosim 7 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

Senatorlar, deputatlar, olimlar, davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashi qarori bilan O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti kafedra mudiri Sherzod Qudratxo‘jayev XPK raisi etib saylandi.

Klub davlat tashkilotlari vakillari jamoatchilikni o‘z mahkamalari faoliyati natijalari axborot berish hamda savol va takliflarni qabul qilib olishlari uchun platforma vazifasini bajaradi. Bu yerda davlat organlari vakillari, ekspert jamoatchiligi va OAV o‘rtasida dolzarb muammolarni muhokama qilish va ular yechimini topishga qaratilgan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tadi.

XPK faoliyati mamlakat ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborotlarni yetkazish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Press-klub formati o‘tgan yil so‘ngida Prezident saylovlariga tayyorgarlik jarayonida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan edi. Bu vaqt mobaynida Elections.uz-2016 press-klubida 400 nafar ekspert va 600 OAV vakili ishtirokida 12 sessiya o‘tkazildi.