Toshkent fuqarolarining sovuq va issiq suv ta’minoti hamda isitish xizmatlaridan qarzdorligi 1 aprel holatiga ko‘ra 114 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda poytaxt hokimiyatida chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda «Toshissiqquvvati» va «Suvsoz» korxonalari vakillari ma’lum qildi.
«Toshissiqquvvati» bosh direktori Bahrom Qurbonbekovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent aholisining issiq suv va isitish xizmatidan qarzdorligi 96 mlrd so‘mni tashkil etadi. O‘tgan yilgi ma’lumot bilan taqqoslanganda, bu ko‘rsatkich 8 foizga kamaygan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning «Suvsoz» oldidagi qarzdorligi esa 18 mlrd so‘mni tashkil etadi, dedi korxona rahbari Xusniddin Mahkamov. Aholiga yetkazib berilayotgan sovuq suv hajmi har oyda 6 mlrd, sanoat ob’ektlariga — 7 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Tashkilotlar rahbarlari kommunal xizmatlar uchun o‘z vaqtida amalga oshirilmagan to‘lovlar suv quvurlarini ta’mirlash bilan bog‘liq ishlarning reja asosida bajarilmasliga olib kelishini ta’kidladi.
Xusniddin Mahkamov bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida ichimlik suvi aholiga yetkazilishdan avval tozalashning 22 bosqichidan o‘tkaziladi.