Toshkentdagi uylardan birida turar joy-kommunal xo‘jalik sohasidagi sinov loyihasi doirasida sovuq va issiq suv, issiqlik, gaz, elektr energiyasi hisobini yurituvchi yagona dasturiy mahsulotga birlashtirilgan smart-hisoblagichlar o‘rnatiladi. Bu haqda chorshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda poytaxt hokimiyati Hududiy kommunal-ekspluatatsiya birlashmasi (HKEB) Iqtisodiyot va investitsiya departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Bekmirzayev xabar qildi.

«Toshkentning Yakkasaroy tumani Boshliq mavzesidagi 29-uydan 20 ta xonadon tanlab olindi, — dedi u. — Ularning har birida sovuq va issiq suv, elektr energiyasi, gaz va batareyaga hisoblagich o‘rnatiladi. Ularning barchasi yarim yil davomida «aylanuvchi"yagona dasturga birlashtiriladi».

Tizim to‘laqonli ishga tushirilganidan so‘ng qarzdorlikni tekshirish zaruriyati yo‘qoladi, iste’molchi va kommunal xizmatlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga barham beriladi, deya qayd etdi Oybek Bekmirzayev. Abonent mobil telefoni orqali hisob raqami balansi haqida bilishi va zarurat tug‘ilganida uni to‘ldirishi mumkin. To‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda kompyuter avtomat ravishda xizmatlarni o‘chirib qo‘yadi.

HKEB vakilining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, innovatsion loyiha uning ishtirokchilarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Smart-hisoblagichlar Janubiy Koreyadagi hamkorlar tomonidan yetkazib beriladi. Dasturiy ta’minot esa Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida loyiha tashabbuskorlari tomonidan ishlab chiqilmoqda.

«Kerakli uskunalar yetkazilgan va bojxona nazoratidan o‘tmoqda. Janubiy Koreya va O‘zbekiston mutaxassislari ishga kirishishga tayyor», — deya ta’kidladi Oybek Bekmirzayev.