O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z farmoni bilan Azim Ahmadxo‘jayevni Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi etib tayinladi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Markaziy bankdagi axborot manbasi xabar qildi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Prezidentning 31 martdagi farmoni bilan tashkil etilgan edi. Mazkur vakolatli davlat organi yagona davlat investitsion siyosatini shakllantirish va amalga oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga javobgar hisoblanadi.

Azim Ahmadxo‘jayev (1979 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi (2002 yil). O‘tgan yilning mayidan «Asaka» banki boshqaruvi raisi hisoblanadi. Bunga qadar — 2011 yil maydan — O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari, so‘ngra raisning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Avvalroq — 2009 yil yanvardan — Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki NBU Invest Group boshqaruvi raisi bo‘lgan. O‘tgan yillar davomida Iqtisodiyot vazirligi hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondida faoliyat ko‘rsatgan.