O‘zbekiston hamda Rossiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin chorshanba kuni Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida «Nukus hazinasi» ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar qildi.

Ekspozitsiyada O‘zbekistondagi yirik muzeylardan biri — Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyidan o‘rin olgan 250 dan ziyod grafika, haykaltaroshlik, tasviriy va amaliy san’at namunalari, turli arxeologik topilmalar, etnografiya buyumlari, qadimiy suratlar, tarixiy hujjatlar namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma 10 mayga qadar davom etadi.

Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi 1966 yilda Nukusda Igor Savitskiy tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unda Robert Falk, Lyubov Popova, Ivan Kudryashov, Kliment Redko, Aleksandr Volkov, Aleksandr Nikolayev singari rus avangardchilarining 44 mingdan ziyod grafika, rang-tasvir namunalari saqlanmoqda.