O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kolumbiya Prezidenti Xuan Manuel Santos Kalderonga Putumayo provinsiyasida keng ko‘lamli tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lishi va vayronagarchilik munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari o‘z maktubida butun Kolumbiya xalqiga, shuningdek, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Surunkali yog‘ingarchiliklardan so‘ng qirg‘og‘idan toshgan Mokoa, Sangoyako va Mulatom daryolari Kolumbiyaning Mokoa shahrida sel oqimlarini keltirib chiqardi. 6 aprel kuni vafot etganlar soni 300 nafardan oshdi, shaharda suv, elektr energiyasi va gaz ta’minoti buzilgan.