O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli xususida so‘z yuritildi.

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Moskvaga davlat tashrifi bilan qutlab, bu tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.

«O‘zbekiston bilan hamkorlikni yangi bosqichda davom ettirish biz uchun katta ahamiyatga ega, — dedi Rossiya Prezidenti. — Mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p, ularni ishga solishdan ikki tomon ham manfaatdor».

Shavkat Mirziyoyev bu uchrashuv davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlashda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.

U 3 aprel kuni Sankt-Peterburgda ro‘y bergan mash’um voqea munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

«O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig‘idir».