Moskvada davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati Raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

«O‘zbekiston Rossiyaning eng ishonchli hamkorlaridan biri, — dedi Dmitriy Medvedev. — Ikki davlat turli sohalarda ishonchli hamkorlik qilib kelmoqda. Sizning tashrifingiz davomida juda katta loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan. Men tashrifingiz samarali bo‘ladi va ikki do‘st davlatning hamkorligida yangi sahifa ochiladi, deb ishonaman».

O‘zbekiston Prezidenti ham ushbu tashrif o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi.

U Sankt-Peterburgda ro‘y bergan mash’um voqea munosabati bilan chuqur hamdardligini bildirdi. «Terrorizm — chegara bilmaydigan xavfdir, shu bois unga qarshi kuchlarni birlashtirgan holda kurashish lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev».