O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni Moskvaga keldi, deb xabar qildi O‘zA. «Vnukovo-2» aeroportida davlat rahbarini Rossiya hukumati a’zolari kutib oldi.

Tashrifning asosiy voqealari 5 aprelga belgilangan bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashadilar.

Mamlakat Prezidentining davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hujjat imzolanishi mo‘ljallangan.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida 3 aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat vakolatli vakillari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 16 ta ikki tomonlama bitim, shartnoma va boshqa hujjatlarni imzoladi.