7 aprel kuni Toshkentda MDH tashqi ishlar vazirlari kengashining (TIVK) navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda seshanba kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anvar Nosirov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Armaniston tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyan, Belarusdan — Vladimir Makey, Qirg‘izistondan — Erlan Abdildayev, Qozog‘istondan — Kayrat Abdraxmanov, Rossiyadan — Sergey Lavrov, Tojikistondan — Sirodjidin Aslov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev Hamdo‘stlik tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etishni rasman tasdiqlagan.

MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining bo‘lajak yig‘ilishi kun tartibidan 16 ta hujjat loyihasi joy olgan bo‘lib, ulardan 10 tasi Hamdo‘stlikning Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashiga kiritish uchun tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Mazkur hujjatlar loyihalari MDH davlatlarining tashqi siyosat, huquqiy, madaniy-gumanitar, xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohalaridagi o‘zaro hamkorligi masalalarini qamrab oladi.

Vazirlarning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek MDH ishtirokchi davlatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashga oid dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishlari rejalashtirilgan.

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi Hamdo‘stlik hukumatlari kengashi va Davlat rahbarlari kengashining bir yilda ikki marotaba o‘tkaziladigan yig‘ilishlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.