O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga amalga oshirishi kutilayotgan davlat tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida 4 mlrd dollardan ziyodroq miqdordagi ikki tomonlama mahkamalararo hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.

Prezident tashrifiga tayyorgarlik uchun avvalroq Moskvaga borgan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi vakillari 3 aprel kuni hujjatlarning bir qismiga viza qo‘ydi, biroq asosiy paket 4−5 aprel kunlari bo‘lib o‘tajak tashrif jarayonida imzolanadi.

Xususan, «UGMK-Xolding» (Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasi) bilan O‘zbekistondagi Tebinbuloq konida po‘lat ishlab chiqarishni tashkil etgan holda vanadiy saqlovchi titanmagnetit rudalarini qayta ishlash bo‘yicha 1,5 mlrd dollarlik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «Gazprombank» va Rossiya Eksport-kredit banki O‘zbekistondagi investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha 500 mln dollarlik shartnomani imzolaydi.

Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati (OTMK) va «RIVS» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi mis-boyitish majmuasi qurilishi bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi 500 mln dollarlik bitimni imzolaydi. «Asaka» banki va «Gazprombank» Toshkentda metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha 88 mln dollarlik shartnomani imzolaydi.

Bundan tashqari, Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 612 mln dollarlik shartnoma, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi va Rossiya Energetika vazirligi o‘rtasida O‘zbekistonga 225 mln dollarlik Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha memorandum hamda OTMK va «IZKARTEKS» ekskvator zavodi o‘rtasida ekskvator texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha 100 mln dollarlik shartnomalar imzolanadi.