Uzbek Tigers boks klubi Jahon boks seriyasi 5-turi doirasida Astana Arlans jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Shanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4−1 hisobi bilan yakunlandi.

Uchrashuvning birinchi jangida 64 kg gacha vazn toifasida 2013 yilgi jahon chempioni bronza medali sohibi va to‘rt karra O‘zbekiston chempioni Elnur Abduraimov (6−2) mazkur mavsumda Qozog‘iston klubida debyutini o‘tkazgan Dilmurat Mijitovni (1−2) 5 raund yakuniga ko‘ra 3:0 (50/45, 49/46, 48/47) hisobida mag‘lub etdi.

56 kg gacha vazn toifasida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Abdulxay Shorahmatov (6−0) Osiyo o‘yinlari chempioni Ilyas Suleymanovdan (3−3) 3:0 (48/47, 48/47, 50/45) hisobida ustun keldi.

75 kg gacha vazn toifasida Isroil Madrimov (2−0) ham Saparbay Aydarov (1−1) ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Hisob — 3:0 (50/44, 50/44, 49/45).

91 kg gacha vazn toifasida Anton Pinchukka qarshi ringga ko‘tarilgan Zuhriddin Mahkamov (1−1) esa jangni o‘z foydasiga yakunlay olmadi. O‘zbekistonlik bokschi 0:3 (45/50, 45/50, 46/49) hisobida mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Uchrashuvning asosiy jangida 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov (13−0) qozog‘istonlik tajribali raqibi Temirtas Jusupovni (8−5) ikkinchi bellashuvda ham mag‘lub etdi. Bu safar ham andijonlik sportchi ustun keldi — 3:0 (50/45, 49/46, 49/46).

Besh turdan so‘ng «O‘zbek arslonlari» 9 ochko bilan «S» guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Musobaqaning chorak finalini naqd qilgan Astana Arlans (12 ochko) jamoasi guruhdagi yetakchilikni saqlab qoldi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni Rossiyaning Patriot Boxing Team (4 ochko) va Xitoynning China Dragons (3 ochko) jamoasi band etgan.

WSB saralash bosqichidagi so‘nggi uchrashuvda Uzbek Tigers bokschilari 22 aprel kuni Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasi bilan bellashadi.