AQSH Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

«Amerika xalqi nomidan Sizni, oilangizni va butun O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklash, baxt-saodat va farovonlik tilash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ushbu yangilanish va uyg‘onish ayyomini Sizlar bilan birga ko‘plab amerikaliklar ham nishonlaydi», — deyiladi O‘zA e’lon qilgan tabrik matnida.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingizdan so‘ng Sizning rahbarligingizda mamlakatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va taraqqiyot jarayoni bizni ham mamnun etmoqda», — deb ta’kidladi AQSH Prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev javob maktubida uning shaxsiy munosabatini yuksak qadrlashini ta’kidlab, «O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, xususan, mamlakatlarimiz biznes doiralarining yaqin aloqalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», dedi.

«O‘zbekiston bilan Amerikaning strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ayniqsa, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha yondashuvlarimizning mushtarakligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli munosabatlarni izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman», — deya qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti.

«Biz amalga oshirayotgan chuqur va keng ko‘lamli islohotlarni yuksak e’tirof etganingiz uchun Sizdan minnatdorman. Biz fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, bozor islohotlarini chuqurlashtirish va aholi hayot darajasini tubdan oshirish bo‘yicha tanlagan yo‘limizni qat’iy va izchil davom ettiramiz», — deyiladi maktubda.