Toshkent IIBB YHXB haydovchilar chorrahalardagi kameralar qayd etgan yo‘l harakati qoidalarining buzilgani to‘g‘risida ma’lumot olishi mumkin bo‘lgan maxsus saytni ishga tushirishni yejalashtirmoqda. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda boshqarma inspektori Alisher Abduqodirov xabar qildi.

«Haydovchilar saytda shaxsiy kabinet ochishlari mumkin, buning uchun pasport ma’lumotlari va mobil telefoni raqamini kiritishi kerak bo‘ladi. Shaxsiy kabinetda o‘z qoidabuzarliklari va jarimalar to‘g‘risida bilib olish mumkin», — dedi u jurnalistlarga.

Saytning ishga tushirilish sanasi hozircha ma’lum emas. Biroq yaqin oylarda ochilishi lozim, deya aniqlik kiritdi YHXB «Kompyuter markazi» bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Muratov «Gazeta.uz"ga.

Qayd qilingan kadrlarning pochta orqali yuborilayotgan oq-qora fotosuratlardan farqli ravishda rangli bo‘lishi kutilmoqda.