Toshkentda 30 mart kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisligi ostida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy antiterror tuzilmasi kengashining (SHHT MATK) navbatdagi 30-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati. Unda Rossiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston hamda SHHT MATK Ijroiya kengashi vakillari ishtirok etdi.

Xabarda qayd etilishicha, Ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha SHHT Konvensiyasi loyihasi tasdiqlandi. Uchrashuvlar jarayonida 2017 yilda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining hamkorlikdagi antiterror o‘quv mashg‘ulotlari, chegara operatsiyalari hamda SHHTga a’zo davlatlar va SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha Beshinchi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Kengash tashkiliy, SHHT MATK Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini moliyaviy ta’minlash hamda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda SHHTga a’zo davlatlar hamkorligining huquqiy bazasini shakllantirish masalalari bo‘yicha qator qarorlarni qabul qildi.

SHHT MATKning navbatdagi yig‘ilishini 2017 yil sentyabrida Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.