Uzbek Tigers boks jamoachi Jahon boks seriyasi 5-tur doirasida Qozog‘istonning Astana Arlans klubi bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bellashuvlar 1 aprel kuni poytaxtdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoalar tarkibi e’lon qilinib, vazn tortish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston nomidan janglarda Hasanboy Do‘smatov (12−0), Abdulhay Shorahmatov (5−0), Elnur Abduraimov (5−2), Isroil Madrimov (1−0) va Zuhriddin Mahkamov (1−0) qatnashadi. Katta murabbiy To‘lqin Qilichev, murabbiylar Rahmatjon Ro‘ziohunov va Ravshan Xo‘jayev bokschilarni ringga olib chiqadi.

Qozog‘iston nomidan bosh murabbiy Nurlan Akurpekov rahbarligi ostida Temirtas Jusupov (8−4), Ilyas Suleymenov (3−2), Dilmurat Mijitov (1−1), Saparbay Aydarov (1−0) va Anton Pinchuk (2−0) ringga chiqadi.

«O‘zbek arslonlari» uch turdan so‘ng 6 ochko to‘plagan holda «S» guruhida ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Astana Arlans yuz foizlik natija (12 ochko) bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Rossiyaning Patriot Boxing Team (4 ochko) va Xitoyning China Dragons (3 ochko) jamoalari keyingi o‘rinlarni band etgan.

Qozog‘iston jamoasi bilan kechgan birinchi uchrashuv «Ostona bo‘rilari» foydasiga 4:1 bilan yakunlangan edi.

Foto (Juftliklar tarkibi)

49 kg. Hasanboy Do‘smatov — Temirtas Jusupov;

56 kg. Abdulxay Shorahmatov — Ilyas Suleymenov;

64 kg. Elnur Abduraimov — Dilmurat Mijitov;

75 kg. Isroil Madrimov — Saparbay Aydarov;

91 kg. Zuhriddin Mahkamov — Anton Pinchuk.