O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov hamda Veronika Skvorsova seshanba kuni Moskvada uchrashdi. Uchrashuv bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining RFga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, tomonlar vrachlik amaliyotiga telemeditsina texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha fikr almashib, tibbiyot fani va ta’limi masalalarida tizimli hamkorlikni o‘rnatish zarurligini qayd etishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya tibbiy va ilmiy muassasalari o‘rtasida mavjud 10 hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shimcha ravishda yana 8 tasi imzolanishi rejalashtirmoqda.

Veronika Skvorsova Alisher Shodmonovni Moskvada bo‘lib o‘tadigan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sil bo‘yicha Birinchi global vazirlik anjumaniga taklif etdi.